Biz ijtimoiy tarmoqlarda
IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 778-son qarori asosida GSM standartida ishlaydigan mobil qurilmalarning IMEI-kodalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini ishga tushirish tartibi ishlab chiqilgan.

IMEI-kod o‘zi nima?

IMEI - mobil qurilmaning 15 raqamdan iborat bo‘lgan, GSMA tomonidan ajratiladigan va GSM/UMTS/LTE standartidagi mobil aloqa operatorining tarmog‘ida identifikatsiya bo‘ladigan seriya raqami. IMEI-kod SIM-kartalarning ishlashini ta’minlaydigan barcha mobil qurilmalarda mavjud bo‘lib, SIM-kartaning har bir sloti uchun alohida beriladi. Mobil qurilmada 2 ta yoki undan ko‘proq IMEI-kodlarning mavjud bo‘lishi, ushbu qurilmada bir vaqtning o‘zida 2 ta yoki undan ko‘proq SIM-karta orqali 2 yoki undan ko‘proq uyali aloqa operatorlari tomonidan xizmat ko‘rsatilishi mumkinligini anglatadi.

Mobil qurilmaning IMEI-kodini qanday bilib olish mumkin?

Mobil qurilmaning IMEI-kodini bilib olish uchun telefondan *#06# so‘rovini terish kerak   

Mobil qurilmaning IMEI-kodi holatini tekshirish:

1. *1170# USSD-so‘rov orqali

2. 1170 raqamiga IMEI-kod yozilgan SMS xabar yuborish yordamida

3. UZIMEI yagona ma’lumotlar bazasining rasmiy veb-saytida— www.uzimei.uz

Mobil qurilmada ikkita yoki undan ko‘proq IMEI-kodlarning mavjud ekanligi nimani anglatadi?

Mobil qurilmada ikkita yoki undan ko‘proq IMEI-kod bo‘lishi, qurilmaga bir vaqtning o‘zida ikkta yoki undan ko‘proq SIM-kartalar yordamida ikkita yoki undan ko‘proq operatorlar tomonidan xizmat ko‘rsatilishi mumkin ekanligini anglatadi.

Abonent raqamining mobil qurilma IMEI-kodiga bog‘lanishi nimani anglatadi?

Avtomatik ro‘yxatdan o‘tish davrida(1.04.2019 — 31.10.2019) IMEI-kodlari aniqlanmagan yoki klonlangan mobil qurilmalar qurilmani abonent raqami/raqamlariga bog‘lash sharti bilan UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tgan.

Shu sababdan, IMEI-kodlari aniqlanmagan yoki klonlangan mobil qurilmalarga ega abonentlar tarmoq hodisalarini (qo‘ng‘iroqlar va SMS-jo‘natmalar) faqat qurilmaning IMEI-kodi/kodlariga bog‘langan raqam/raqamlar orqali amalga oshirishlari mumkin.

Agar avtomatik ro‘yxatdan o‘tish davrida UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tgan mobil qurilmaning IMEI-kodi/kodlariga bog‘langan abonent raqamini o‘zgartirish talab etilsa, Tizim operatori yoki Tizim ro‘yxatga oluvchisiga kelib murojaat qilish kerak bo‘ladi.

Mobil qurilmaning IMEI-kodini qancha vaqt ichida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak?

Mobil qurilma orqali uyali aloqa operatorining tarmog‘ida birinchi tarmoq hodisasi amalga oshirilganidan keyingi 30 kalendar kuni davomida.

Mobil qurilmani qayerda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin?

1. Tizim operatorining saytida (www.uzimei.uz);

2. SMS-xabar va USSD so‘rov orqali (*1170#);

3. O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP: www.my.gov.uz)

4. UZIMEI tizim operatorida

5. Pochta aloqa bo‘linmalarida.

6. Mobiuz ofislarida, shaxsan tashrif buyurgan holda (01.09.2023y. dan faqat Mobiuz abonentlari uchun)

Qanday qurilmalar uchun IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak?
  • SIM-modulli planshetlar (TABLET)

  • SIM-modulli smartfonlar (SMARTPНONE)

  • SIM modulli mobil/funksional telefonlar (MOBILE PНONE/FEATURE PНONE)

  • SIM-modulli kichik qurilmalar, shu jumladan ShChK (shaxsiy cho‘ntak kompyuteri) (PORTABLE (INCLUDED PDA)

  • Ko‘chma qurilmalar (НANDНELD)

  • (tugmali telefonlar)

IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nima taqdim qilish kerak?
  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan mobil qurilmalarning ishlab chiqaruvchisi, rusumi, soni va IMEI-kodlari ko‘rsatilgan shaklni to‘ldirish;

  • jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatining asl nusxasini taqdim qilish

  • ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim qilish (*#06# so‘rovi bo‘yicha)  kerak

Jismoniy shaxslar-rezidentlar mobil qurilmaning IMEI-kodini qanday ro'yxatdan o'tkazadi?

IMEI-kod, SIM-karta almashtirilishidan qat'iy nazar, bir marta ro'yxatga olinadi. Agar jismoniy shaxs tomonidan respublika hududiga tovarni poshlinasiz olib kirish limiti oshirilib yuborilgan bo'lsa, mobil qurilmaning IMEI-kodi/kodlari tizim operatoriga bojxona kirim orderi taqdim etilganidan keyin ro'yxatdan o'tkaziladi.

Ushbu reglament 3512-son PQ, 463-son VMQ, 526-son O'zR DBQ nizomi bilan belgilangan.

Jismoniy shaxlar-norezidentlar mobil qurilmalarning IMEI-kodi/kodlari qanday ro'yxatdan o'tkazadi?

Jismoniy shaxslar-norezidentlar mahalliy mobil aloqa operatorlarida SIM-karta/kartalar sotib olganida SIM-karta/kartalarni norezident maqomi bilan rasmiylashtirishi kerak.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida quyidagilar taqdim qilinishi mumkin:

  • O‘zR fuqarosining biometrik pasporti

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ID-kartasi (keyingi o‘rinlarda - ID-karta)

  • Norezidentning xorijiy pasporti

  • Norezidentning yashash guvohnomasi

Ba’zi holatlarda quyidagi hujjatlar zarur bo‘lishi mumkin:

  • belgilangan bojxona qoidalaridagidan ortiq bo‘lgan sondagi olib kirilayotgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish holatida, bojxona olib kirish talabnomasi (BOT) nusxasi;

  • mobil qurilmalarni kuryer, pochta yoki xalqaro pochta aloqasi orqali qabul qilishda tekshirish uchun pochta shtampi bo‘lgan konvertning asl nusxasi.

Mobil qurilmaning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazishning narxi qancha?

Jismoniy shaxslar uchun (O‘zR rezidentlari va norezidentlari):

 

Tarmoqdagi birinchi hodisasidan keyin 30 kalendar kuni ichida ro‘yxatdan o‘tkazish sharti bilan

BHM 20%*

Tarmoqdagi birinchi hodisasidan keyin 30 kalendar kuni o‘tgandan keyin ro‘yxatdan o‘tkazish sharti bilan

BHM 25%

O‘zR norezidenti tomonidan xorijiy SIM-karta (rouming) ishlatilgan holatda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish bepul.

Xizmat uchun to‘lovni talabnomani yuborgan yoki tizim operatoriga tashrif buyurgan holda rasmiylashtirgandan keyin 10 kalendar kuni ichida amalga oshirish mumkin

*BHM – bazaviy hisoblash miqdori. 2023-yil 1-fevral holatiga ko‘ra BHM 300 000 so‘mni tashkil qiladi.

Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali Respublika hududiga olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodi/kodlari qanday ro‘yxatdan o‘tkaziladi?

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kuryerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalar Tizim operatori yoki Tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish yo‘li bilan pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli bo‘lgan konvertni ko‘rsatgan holda amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun qayerga murojaat qilish mumkin?

Siz qo‘shimcha ma’lumot bilan https://uzimei.uz/ rasmiy saytida tanishib chiqishingiz,1170 raqami bo‘yicha call-markazga murojaat qilishingiz yoki tashkilotning Olmazor tumani, Sebzor dahasi 18-A manzili bo‘yicha joylashgan bosh ofisiga ham tashrif buyurushingiz mumkin.

Ro'yxatga qaytish